Ruandadagi genotsid

qirgʻin qilingan odam suyaklari

Ruandadagi 1994-yilgi qirgʻin (kinya. Itsembabwoko ryʼu Rwanda ryʼ1994) — Ruanda aholisining etnik jihatdan koʻpchiligini tashkil etuvchi xutu qabilasi tomonidan ushbu mamlakat aholisining kamchiligini tashkil etuvchi tutsi qabilasining ommaviy tarzda qirgʻin (genotsid) qilinishi. Mazkur irqiy mojaroning asosiy aybdori Ruandada 1993-yilning oxirlarida hokimiyat tepasiga kelgan muvaqqat hukumat hisoblanadi. Ushbu qonli voqealar insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirgʻinlardan biri boʻlib, qotilliklar tezligi ikkinchi jahon urushidagi nemis lagerlaridagi qirgʻindan besh barobar koʻpdir. Qonli voqealar uch oy davom etgan. Maʼlumotlarga koʻra 1 milliondan ortiq kishi qurbon boʻlgan.

Tarixi

Xutu va Tutsi qabilalari Afrikadagi Ruanda, Uganda va boshqa qoʻshni davlatlar aholisining asosiy qismini tashkil etadi. Ular qadimiy tarixga ega. Tutsi qabilasi qadimdan zodagon xalq hisoblanib kelgan, xutu esa oʻrtahol va kambagʻallardan tashkil topgan. XX asr oʻrtalaridan tutsi qabilasi Germaniya, Italiya, Belgiya kabi davlatlarning bu yerdagi mustamlakachilik siyosatiga qarshi isyon koʻtaradi. Bundan choʻchigan mustamlakachilar xutu qabilasi vakillarini qoʻllab, ularga yangi davlat tuzish imkoniyatini yaratib beradi. 1962-yilda mustaqil yangi Ruanda davlati tuzilgani eʼlon qilindi. Hokimiyat xutu vakillari qoʻlida edi. Tutsilar siqib chiqarildi va qoʻshni davlatlarga qochishga majbur boʻlishdi. 1980-yillarga kelib koʻplab tutsilar qochoq maqomida boʻlib, asosan Zair, Tanzaniya, Uganda kabi qoʻshni davlatlarda yaashagan. Eng faol tutsilar Ugandada boʻlib, bu yerda “Ruanda vatanparvar fronti” (RVF) partiyasini tuzdilar. RVF partiyasining maqsadi Ruandada hokimiyatni isloh qilishdan iborat edi. 1990-yillar boshida RVF 14000ga yaqin harbiylari bilan Ruandaga bostirib kiradi. Ruanda harbiylari esa ularni toʻxtatib qolishadi. Oʻrtada shartnoma tuziladi, biroq u buzilib, 1991-yil oʻrtalarida urush kelib chiqadi. Urushni toʻxtatish va Ruandadagi hokimiyatni isloh qilish maqsadida 1993-yilning 4-avgust kuni shartnoma imzolanadi. Shartnomaga koʻra, Ruandada muvaqqat hukumat tuzilib, hokimiyatda xutu va tutsi qabilasi aʼzolari teng huquqqa egaligi, ikki tomon qurolli kuchlarini birlashtirish va qochoqlarni qaytarish zarurligi aytildi. Nazorat qiluvchi BMT huzurida maxsus komissiya tuzildi. Bu vaqtda mamlakatda tartibsizliklar avj olib boʻlgandi.

Other Languages
azərbaycanca: Ruanda soyqırımı
беларуская: Генацыд у Руандзе
български: Геноцид в Руанда
Esperanto: Ruanda genocido
Bahasa Indonesia: Genosida Rwanda
Bahasa Melayu: Genosid Rwanda
Nederlands: Rwandese genocide
davvisámegiella: Rwanda álbmotgoddin
srpskohrvatski / српскохрватски: Genocid u Ruandi
Simple English: Rwandan genocide
slovenčina: Rwandská genocída
slovenščina: Ruandski genocid
српски / srpski: Геноцид у Руанди
українська: Геноцид у Руанді